Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga bayram tabrigidan

Hammamizga ayonki, sihat-salomatlik har bir inson, butun jamiyat uchun bebaho boylik, ulug‘ ne’matdir. Faqat sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz ishlarga qodir ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning “Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il, Ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il”, degan hikmatli da’vati aynan sizlar kabi jonkuyar va fidoyi insonlarga bag‘ishlangan, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Biz sizlarning Yangi O‘zbekistonda yangi tibbiyot tizimini rivojlantirish yo‘lidagi samarali faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz hamda sharafli va mas’uliyatli mehnatingiz uchun el-yurtimiz nomidan samimiy tashakkur bildiramiz.

Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga erishishda xalqimizning tinchligi va sog‘lig‘ini asrash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va sog‘liqni mustahkamlab, o‘z kuch hamda imkoniyatlariga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va millat ezgu maqsadlariga albatta erishadi.

Siz, azizlar bundan buyon ham boy bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, O‘zbekiston tibbiyotining shonli an’analarini izchil davom ettirish, jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish uchun yanada katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasiz deb ishonaman.