⛄️Sovuqda keda kiyib yurish unchalik ham yaxshi fikr emas..

Kedalar – sizning deyarli hamma sinfdoshlaringizda bor boʻlgan oyoq kiyimlar. Ular juda universal, har qanday joyga ularni kiyib borish mumkin va hatto klassik kiyimlar bilan ham yarashib turadi. Bozorda bu turdagi oyoq kiyim modellari va ishlab chiqaruvchilari shunchalik koʻpligidan hoynahoy sizning garderobingizda bu poyafzal hatto tish choʻtkasidan ham tez yangilanib tursa kerak.

✔️Aslida bunday poyabzal qanchalik qulay va foydali?

Kedalar asosan yumshoq plastiklar, rezinadan ishlab chiqariladi, ular mutlaqo havo oʻtkazmaydi va terining “nafas olishiga” toʻsqinlik qiladi.

Lekin ularning asosiy aybi — tag qismining butunlay tekkis va yassiligi. Anatomik toʻgʻri yasalgan poyabzalning kichik poshnasi boʻlishi kerak. Agar oyoq tovoni oyoq panjasidan ozgina koʻtarilib tursa, inson tanasining vazni butun oyogʻi tovoniga bir tekisda taqsimlanadi. Kedlar, sandallar kabi yassi tovonli poyabzalni kiyib yurganda, oyoq tovoniga bosim bir tekisda taqsimlanmaydi, bir tomonga koʻproq ogʻirlik tushadi. Shu sababli umurtqa oʻzgarib qiyshayadi, inson qomati buziladi, qadam tashlashi ham yomon tomonga oʻzgaradi. Ichki a’zolarning holati ham oʻzgarishi va natijada ularning notoʻgʻri ishlashiga olib kelishi mumkin.

Kedalar tag charm qismi har kungi qorda yurishga moʻljallanmagan yupqa rezinadan ishlangan boʻlib, hatto salqin havoga ham moslashmagan. Natija — turli xil shamollashlar va hatto tanadan sovuq oʻtib ketishi. Qishda ham kedlarni kiyib yurishni yaxshi koʻradiganlar, nafaqat sovuqdan balki suyak sinishi, lat yeyish va boshqa turli-tuman jarohatlarga uchrashi ehtimoli koʻproq boʻladi. Silliq muzga va sirpanchiq yerlarga moslashmagan oyoq kiyimda qishda sayr qilish – travmatolog shifokorga eltuvchi yoʻllardan biridir.

Shuning uchun ota-onangizning gaplariga quloq tutganingiz ma’qul. Kedalar har kunga kiyib yurishga moʻljallangan poyabzallar emas.

⚡️ Sanepidqo’mita Axborot xizmati