🩸Poliomiyelit — bu poliovirus (https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%9F%D0%BE%D0%BB%D0%B8%D0%BE%D0%B2%D0%B8%D1%80%D1%83%D1%81) orqali yuzaga keluvchi o‘ta yuqumli kasallik bo‘lib, u asosan bolalar va immuniteti zaif kishilarga tahdid soladi. Poliovirus ichak orqali organizmga kiradi va ko‘payadi. Ayni paytda u markaziy nerv tizimiga hujum qilib, orqa miya va bosh miyaning nerv hujayralarini zararlaydi. Bu esa mushaklar falajiga, harakatlanish qobiliyatining cheklanishiga olib keladi.
Poliovirus 3 xil turga ega bo‘lib, ulardan har biri turlicha og‘irlikdagi asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Eng xavfli jihati shundaki, kasallik ko‘p hollarda hech qanday alomatlarsiz boshlanadi, biroq virus organizm ichida faol harakatda bo‘ladi. Aynan shuning uchun polio yashirin tahdid sifatida baholanadi.
🔷Vaksina va oldini olish
Poliomiyelitga qarshi eng samarali vosita — bu vaksina (https://ifazo.uz/vaksinalar-sogliqni-saqlashning-muhim-poydevori/). Bugungi kunda ikki xil polio vaksina mavjud:
1⃣og‘iz orqali qabul qilinadigan OPV (oral polio vaccine)
2⃣in’ektsiya ko‘rinishidagi IPV (inactivated polio vaccine). Har ikki vaksina ham xavfsiz va samarali bo‘lib, bola hayotining dastlabki yillarida bir necha bosqichda beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash Vazirligi tomonidan har yili emlash kampaniyalari o‘tkaziladi. Bolalarning to‘liq emlanganligi polio tahdididan xalos bo‘lishning asosiy garovi hisoblanadi. Vaksinatsiya orqali nafaqat o‘z farzandimiz, balki butun jamiyatni kasallikdan himoya qilish mumkin.
Vaksinatsiyadan tashqari, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, toza ichimlik suvidan foydalanish, bolalarni iflos muhitdan asrash kabi omillar ham polioni oldini olishda muhim ahamiyatga ega.